← Barcha yangiliklar

Arizona universiteti delegatsiyasi TMU kampusiga tashrif buyurib, qo‘shma dasturlarni muhokama qildi

University of Arizona Delegation Visits TMU Campus to Discuss Joint Programs

Arizona universiteti (The University of Arizona, AQSh) vakillari Tashkent Metropolitan University (TMU) kampusiga tashrif buyurdilar.

Delegatsiya tarkibiga universitetning Markaziy va Janubiy Osiyo bilan hamkorlik bo‘yicha katta direktori Riki Salazar hamda dasturlar direktori Lyudmila Klark kirdi.

Uchrashuv davomida Tashkent Metropolitan University rektori Behzod Jalilov universitet faoliyati, uning ta’lim dasturlari va amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Amerika qo‘shma shtatlaridan kelgan mehmonlar Arizona universiteti faoliyati, mavjud ta’lim dasturlari va xalqaro talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdilar.

Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvi va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni muhokama qildilar.

1885-yili Arizona hududining 13-qonunchilik majlisi qarori bilan tashkil etilgan Arizona universiteti Tuson shahrida joylashgan davlat ilmiy-tadqiqot universiteti bo‘lib, Arizona hududida tashkil etilgan birinchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Ushbu universitet Arizona Kuzatuv kengashi (Arizona Board of Regents) tomonidan boshqariladigan uchta oliy ta’lim muassasasidan biri bo‘lib, Arizona State University va Northern Arizona University bilan birgalikda ish yuritadi.

2023-yil kuz holatiga ko‘ra, universitetda 22 ta kollej va maktablarda jami 53 187 nafar talaba tahsil olgan. Ular orasida Eller College of Management, Wyant College of Optical Sciences, College of Medicine – Phoenix, College of Medicine – Tucson, hamda James E. Rogers College of Law kabi nufuzli ta’lim muassasalari mavjud.