“Termiz tajribasi” — sportni rivojlantirishning samarali modeli
2026-yil 21–23-aprel kunlari Termiz shahrida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminar Termiz davlat universiteti bazasida tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2026-yil 7-aprel kuni belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Seminar doirasida “Termiz tajribasi” sportni rivojlantirishning yangi va samarali modeli sifatida taqdim etildi.
Ishtirokchilar universitetda tashkil etilgan sport klublari, zamonaviy infratuzilma, sport tibbiyoti hamda mashg‘ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Universitetda jami 18 ta sport inshooti faoliyat yuritadi. Shundan 6 tasi yopiq, 12 tasi ochiq sport maydonlaridir.
Shuningdek, futbol, futzal, gandbol va voleybol bo‘yicha professional jamoalar shakllantirilgan bo‘lib, ular 2025-yilda milliy va xalqaro musobaqalarda jami 309 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan rektorlar va seminar ishtirokchilari mazkur tajribaning amaliy samaradorligi hamda boshqaruv mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Ushbu modelni respublika miqyosida keng joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Seminar doirasida talabalar o‘rtasida “Vazir kubogi” futbol musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, Sulton Saodat majmuasi va Al-Hakim at-Termiziy maqbarasiga tashriflar tashkil etildi.