Tashkent Metropolitan University rasmiy SAT Test Center maqomini oldi
Tashkent Metropolitan University (TMU) xalqaro miqyosda eng keng tarqalgan va tan olingan oliy ta’limga kirish imtihonlaridan biri bo‘lgan Scholastic Assessment Test (SAT) ni o‘tkazishga vakolatli global test markazlari tarmog‘iga qo‘shilib, rasmiy ravishda SAT Test Center sifatida akkreditatsiyadan o‘tdi.
TMU bazasida ilk test sinovlari 2025-yil noyabr oyida o‘tkazilishi kutilmoqda. Test markazi xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan mahalliy va xalqaro abituriyentlar uchun ochiq bo‘ladi.
Tashkent Metropolitan University qoshidagi SAT Test Center College Board — SAT imtihonini boshqaruvchi xalqaro tashkilot — tomonidan belgilangan barcha talab va standartlarga to‘liq mos holda faoliyat yuritadi. Markaz zamonaviy texnik infratuzilma, qulay va xavfsiz sharoitlar hamda shaffof test tartib-qoidalari bilan ta’minlanadi.
TMUda SAT Test Center’ning ochilishi O‘zbekistonning xalqaro ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Universitet global standartlarga mos akademik muhitni shakllantirish va mintaqa yoshlari uchun dunyo darajasidagi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlaydi.