← Barcha yangiliklar

Tashkent Metropolitan University va Widener University o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladi

Muallif TMU PR Unit
TMU and Widener University

Tashkent Metropolitan University (TMU) va AQSHning Widener University oliygohi o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Ushbu hujjat TMU talabalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda TMUning Foundation dasturi bitiruvchilari AQSHning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri — U.S. News & World Report reytingiga ko‘ra milliy universitetlar orasida TOP-200 talikka kirgan Widener University’da o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.

Memorandum doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma diplom dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda tashkil etish hamda professional rivojlanish bo‘yicha bir qator qo‘shma tashabbuslar ko‘zda tutilgan.

TMU Foundation dasturi bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ular Widener University’ning ta’lim dasturlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ya’ni, TMU talabalari Foundation dasturini muvaffaqiyatli yakunlagach, Widener University tarkibidagi Delaware Law School’da o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. TMUning ilk talabalari AQSHda o‘qishni 2026-yildayoq boshlashlari kutilmoqda.

“Ushbu memorandum TMUning xalqaro hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Talabalarimizga nufuzli Amerika universitetida o‘qish imkoniyatini taklif etayotganimizdan mamnunmiz — bu ular uchun ilmiy va kasbiy rivoj yo‘lida yangi ufqlarni ochadi”, — deya ta’kidladi Tashkent Metropolitan University rektori Bekzod Jalilov.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar o‘qishga kirish shartlarini, jumladan, akademik ko‘rsatkichlar va tilga oid talablarni birgalikda ishlab chiqadilar. Har bir dastur tafsilotlari alohida kelishuvlarda belgilab olinadi, bu esa jarayonning moslashuvchanligi va shaffofligini ta’minlaydi.