Tashkent Metropolitan University va Sheffild Universiteti magistrantlar uchun akademik progressiya dasturini yo‘lga qo‘ymoqda
Tashkent Metropolitan University (TMU) magistratura talabalari uchun akademik progressiya dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolab, Buyuk Britaniyaning Sheffild universiteti (The University of Sheffield) bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirganini e’lon qiladi.
Mazkur yangi hamkorlik TMUning huquq va biznes yo‘nalishidagi bakalavriat bosqichi talabalari uchun keng imkoniyatlar ochadi hamda ularga dunyoning yetakchi tadqiqot universitetlaridan birida magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirish uchun noyob imkoniyat taqdim etadi.
Imzolangan kelishuvga muvofiq, TMUning yurisprudensiya va biznes yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchilari belgilangan akademik talablarga javob bergan taqdirda, Sheffild universiteti magistraturasiga o‘qishga kirishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladilar.
Dastur xalqaro huquq, moliyaviy texnologiyalar, biznes-tahlil va raqamli marketing kabi asosiy mutaxassisliklarni qamrab olgan. Bu esa o‘zbekistonlik talabalarga jahon andozalari darajasida ta’lim olish va xalqaro maydonda tan olingan diplomlarga ega bo‘lish imkonini beradi.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ushbu hamkorlik ta’lim standartlarini integratsiya qilish va akademik mobillikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ta’lim tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi. Mazkur qo‘shma tashabbus talabalarga nafaqat professional bilimlarini chuqurlashtirish, balki global iqtisodiyot sharoitida muvaffaqiyatli karyera qurish uchun zarur bo‘lgan qimmatli xalqaro tajribaga ega bo‘lish imkonini ham beradi.
“Sheffild universiteti bilan hamkorligimiz TMUning jahon standartlariga mos keladigan yuqori sifatli ta’lim berishga intilishini tasdiqlaydi”, — deya ta’kidladi Toshkent Metropolitan universiteti rektori Behzod Jalilov. — “Nufuzli Britaniya oliygohiga kirishning shaffof trayektoriyalarini yaratish orqali biz talabalarimizning akademik imkoniyatlarini kengaytirmoqdamiz hamda mamlakat ravnaqi uchun zarur bo‘lgan xalqaro dunyoqarash va kompetensiyalarga ega yangi avlod yetakchilarini tayyorlayapmiz”.
Ushbu kelishuv TMUning tobora kengayib borayotgan xalqaro hamkorlik tarmoqlarini mustahkamlaydi va universitetning global ilmiy hamda ta’lim makoniga integratsiyalashgan innovatsion ta’lim markazi sifatidagi maqomini yanada yuksaltiradi.