Toshkent Metropolitan Universiteti va Bangor Universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi: Xalqaro diplomlarga yo‘l ochilmoqda
Toshkent Metropolitan Universiteti (TMU) Buyuk Britaniyaning nufuzli Bangor Universiteti (BU) bilan artikulyatsiya (o‘quv dasturlarining o‘zaro muvofiqligi) to‘g‘risidagi bitim imzolanganini e’lon qiladi. Ushbu strategik hamkorlik TMU talabalari uchun noyob imkoniyatlar eshigini ochadi va universitetning xalqaro ta’lim maydonidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Biznes va huquq yo‘nalishlarida “3+1” dasturlari
Yangi kelshuvga ko‘ra, TMU talabalari uch yillik o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, Bangor Universitetining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha 3-kursdan keyin o‘qishni davom ettirish imkonini beruvchi “3+1” dasturlarida ishtirok etishlari mumkin.
- Biznes yo‘nalishi talabalari uchun: BA Management, BA Marketing, BSc Accounting and Finance hamda BSc Economics dasturlari ishtirokchilari asosiy modullar bo‘yicha imtihonlarda 60% va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsalar, Bangor Universiteti Biznes maktabining bakalavriat bosqichi 3-kursiga (BSc Business Management, BSc Marketing, BSc Accounting and Finance yoki BSc Economics yo‘nalishlari bo‘yicha) qabul qilinadilar.
- Huquq yo‘nalishi talabalari uchun: LLB Law dasturi talabalari asosiy modullar bo‘yicha o‘rtacha 60% va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, Bangor universiteti Huquq maktabining LLB Law yo‘nalishi 3-kursida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bangor Universitetidagi o‘qish yakunlangach, talabalarga britaniyalik bitiruvchilar bilan bir xil darajadagi xalqaro diplom beriladi. Bu esa jahon miqyosida tan olinadigan diplomga ega bo‘lish va xalqaro karyera qurish uchun yo‘l ochadi.
Asosiy talablar va qo‘llab-quvvatlash
Bangor Universiteti dasturlariga muvaffaqiyatli o‘tish uchun talabalar ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha quyidagi talablarga javob berishlari lozim:
- Bangor Business School: IELTS 6.0 (har bir komponent 5.5 dan kam bo‘lmagan holda) yoki unga tenglashtirilgan sertifikat.
- Bangor Law School: IELTS 6.5 (har bir komponent 6.0 dan kam bo‘lmagan holda) yoki unga tenglashtirilgan sertifikat.
Zaruriy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lmagan talabalar o‘quv yili boshlanishidan oldin Bangor Universitetida Summer Intensive English Course (Yozgi intensiv ingliz tili kursi)da o‘qishlari mumkin. Bu kurs talabalarning o‘quv jarayoniga to‘liq tayyorlanishi va xalqaro ta’lim muhitiga integratsiyalashuvini ta’minlaydi.
Ushbu kelishuv Toshkent Metropolitan Universiteti rivojlanishining yangi bosqichi bo‘lib, universitetning yuksak ta’lim standartlarini ta’minlash, jahon akademik hamjamiyatiga kirish va talabalarga xalqaro professional o‘sish uchun keng imkoniyatlar yaratish borasidagi intilishlarini yana bir bor tasdiqlaydi.