← Barcha yangiliklar

Tashkent Metropolitan University talabalariga “Kompyuter fanlari” dasturi bo‘yicha o‘qish xarajatlarini qisman qoplash imkoniyati yaratiladi

Muallif TMU PR Unit
AKYLADE Inc. and the Digital Education Development Center (DEDC)

Tashkent Metropolitan Universityning “Kompyuter fanlari” dasturi talabalari endi o‘qish xarajatlarini qoplatish imkoniga ega bo‘ladilar.

Bu imkoniyat AQShning AKYLADE Inc. kompaniyasi va Raqamli ta'limni rivojlantirish markazi (DEDC o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi hisobiga yaratiladi.

2025 yil 16 may kuni Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjanov GameDevHQ kompaniyasi rahbari Jonatan Vaynberger, AKYLADE Inc. rahbari Jeyson Dion hamda Tashkent Metropolitan University rektori Behzod Jalilov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar axborot texnologiyalari sohasida ta’limni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Shuni ta’kidlash kerakki, Tashkent Metropolitan University GameDevHQ va AKYLADE bilan hamkorlik qilib, “Kompyuter fanlari” dasturini birgalikda ishlab chiqdi.

Uchrashuv natijasida AKYLADE Inc. va Raqamli ta'lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi O‘zbekistonda IT sohasini qo‘llab-quvvatlash va yosh mutaxassislarning axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot va kiberxavfsizlik bo‘yicha malakasini oshirishga qaratilgan memorandum imzoladilar.

AKYLADE kompaniyasi ISO 17024 xalqaro standarti asosida IT-mutaxassislar uchun sertifikatlash imtihonlarini ishlab chiqadi. Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi esa ushbu imtihonlarning talablariga muvofiqligini tasdiqlaydi hamda o‘qish xarajatlarini qoplash uchun arizalarni it-istedod.uz rasmiy portali orqali qabul qiladi.

Memorandumga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari AKYLADE sertifikatini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, 2024 yil 17 fevraldagi Vazirlar Mahkamasining 95-sonli qarori doirasida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun ariza topshirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tashabbus xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarni olishni rag‘batlantirish va IT sohasidagi mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Tomonlar yangi professional va oraliq darajadagi sertifikatlarni ishlab chiqish hamda barcha sertifikat olgan mutaxassislar uchun sertifikat olganidan so‘ng uch yil davomida doimiy ta’lim dasturini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

TMU rektori Behzod Jalilov memorandum talabalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishini, bu nafaqat talabalarni zamonaviy IT kasblariga sifatli tayyorlash, balki moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali o‘qishni yengillashtirish va professional rivojlanishga rag‘batlantirish imkonini berishini ta’kidladi.

Universitet rahbariyati va hamkorlar buni mamlakatning raqamli transformatsiyasida muhim qadam, shuningdek, zamonaviy xalqaro bozor talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladigan loyiha deb baholamoqda.